Fanlar akademiyasi olimlari tomonidan yaratilgan mahalliy bugʼdoy navlaridan moʼl hosil olindi

O‘zR FA Genetika va oʼsimliklar eksperimental biologiyasi instituti “Donli ekinlar genetikasi, selektsiyasi va urugʼchiligi” laboratoriyasida yumshoq bugʼdoyning mahalliy “Pahlavon”, “Bardosh”, “Oqmarvarid”, “Eʼzoz”, “Ilgʼor” navlari va lalmi maydonlarda ekish uchun moslashgan “Qayroqtosh” navlari yaratilgan.

Ushbu navlar Toshkent, Sirdaryo, Fargʼona va Surxondaryo viloyatlarida istiqbolli navlar sifatida turli urugʼchilik fermer xoʼjaliklari maydonlarida ekilmoqda. Bu  mahalliy bugʼdoy navlari ertapishar, sariq va qo‘ngʼir zang kasalliklariga chidamli, hosildorligi oʼrtacha, non boʼlish sifati yuqori ekanligi bilan boshqa navlardan ajralib turadi.

2022-yil tashqi muhit omillari (bahorgi kuchli yogʼingarchilik, doʼl yogʼishi va kuchli shamol), ayniqsa, bugʼdoyning toʼliq pishish davri iyun oylaridagi noqulay iqlim sharoitlari sababli bugʼdoy ekilgan dalalarning 30% dan 90 % gacha qismida oʼsimliklarning yotib qolib, zararlanish holatlari kuzatildi.

Lekin shunga qaramasdan, Institut olimlari tomonidan yaratilgan “Eʼzoz” navidan Toshkent va Surxondaryo viloyatlari maydonlarida 55 s/ga, “Pahlavon” navidan Sirdaryo va Fargʼona viloyatlarida 60 s/ga, “Oq marvarid” navidan Toshkent viloyatida 50 s/ga dan yuqori hosil yigʼishtirib olindi.