Parrandachilikda tuxum olish samaradorligini oshiruvchi yem uchun “Kufestrol” qo‘shimchasi olish texnologiyasi O‘zR FA O‘simlik moddalari kimyosi instituti olimlari tomonidan ishlab chiqilgan.
Ushbu qo‘shimcha Kuxiston kovragi (Ferula kuhistanica Eug. Kor) o‘simligining yer ustki qismidan ajratib olingan seskviterpen spirtlarining murakkab efirlar yig‘indisidan iborat. “Kufestrol” qo‘shimchasi to‘q yashil rangli kukunsimon mahsulot hisoblanadi.
Ferula kuhistanica o‘simligi Markaziy Osiyoda keng tarqalgan o‘simliklaridan biri bo‘lib, birgina O‘zbekiston hududlaridan mazkur o‘simlikning yer ustki qismining tabiiy zahirasiga ziyon yetkazmagan holda yiliga 200 tonnadan ortiq quruq xom-ashyo tayyorlash mumkin.
Ishlab chiqilgan texnologiya asosida 1 tonna o‘simlik xom-ashyosidan 40 kg “Kufestrol” yemga qo‘shimchasini olish imkonini hisobga olgan holda bir yilda 8 tonna tayyor mahsulot ishlab chiqariladi.
O‘zR FA O‘simlik moddalari kimyosi institutining Ishlab chiqarish korxonasida tashkillashtirilgan texnologik tizimda yiliga 1 tonna “Kufestrol” ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. 5 gr “Kufestrol” (mos ravishda 1 gr seskviterpen spirtlarining murakkab efirlariga teng) 1 tonna yemga qo‘shilishini hisobga olgan holda 1 tonna “Kufestrol” asosida 250 ming tonna parrandalar uchun maxsus yem tayyorlash mumkin.
“Kufestrol” yemga qo’shimchasi asosida parrandachilik korxonalarida o‘tkazilgan tajribalarda yosh tovuqlarning yetilishi va tuxumga kirish samaradorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan. Tovuqlar yetti oylik davrida jadal tuxum qo‘yishini ta’minlaydi, tuxumlarning umumiy massa ulushi ortadi, yemning sarfi kamayadi va tovuqlarning yashash davri uzayadi.
O‘tkazilgan ishlab chiqarish sinovlari natijalariga asosan yuqoridagi keltirilgan maxsus yem qo‘llanilganda parrandalardan tuxum olish soni va umumiy og‘irligi 18,8% ortadi. Natijada har 10 ta tuxum uchun sarflanadigan yem miqdori esa 17,9% ga tejaladi. Bundan tashqari, tovuqlarning o‘limi nazorat guruhiga nisbatan o‘rtacha 22% ga kamayadi. Natijada har bir 1000 bosh tovuqdan 4 barobar ko‘p daromad olish imkonini beradi.
“Kufestrol” yemga qo‘shimchasining yana bir afzalliklaridan biri estrogen faolligi bo‘yicha sintetik dori vositalaridan qo’silhmaydi. Uning nojo‘ya ta’siri ancha kam, allergiya chaqirmaydi hamda teratogen va kumulyativ xususiyatlariga ega emasligini jihatidan parrandachilikda qo‘llash ancha xavfsiz.
“Kufestrol” yemga qo‘shimchasini chorvachilikda chorvalarning kuyukishini tezlashtirishda va parrandachilikda esa parrandalarning vaznini oshirishda ham qo’llash mumkin.