O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi va O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.
Mazkur hujjatning asosiy maqsadi – tomonlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, davlatimizda pedagogika fanlari va ta'lim sohasidagi innovatsion ishlanmalarni targ‘ib qilish hamda amaliyotga joriy etish maqsadida uzoq muddatli, samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
Bunda Navoiy bo‘limi va O‘zbekiston Pedagogika fanlari ITI hamkorlikda Navoiy viloyatidagi kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan maktablarida o‘quvchilarning individualligini hisobga olgan ta'lim texnologiyalarini joriy etilishiga, zamonaviy o‘quv-uslubiy adabiyotlar va didaktik materiallar ishlab chiqishga, maktabgacha va o‘rta umumta'lim muassasalarining pedagog-o‘qituvchilarining zamonaviy pedagogikaga oid kompetentliklarini oshirishga yo‘naltirilgan amaliy va innovatsion loyihalar ustida ishlash nazarda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, Navoiy bo‘limining bir guruh ilmiy xodimlari 2021-yilda Nurota tumani o‘rta umumta'lim maktablarining o‘qituvchilari bilan innovatsion pedagogik texnologiyalarni amaliyotga joriy etish maqsadida ikki marotaba 18 soatlik maxsus dastur asosida seminar-trening mashg‘ulotlari o‘tkazgan edilar. Endilikda esa ushbu faoliyat yanada katta kuch va faollik bilan davom ettiriladi.