Bugun, Oʼzbekiston Fanlar akademiyasida respublikamizning ilmiy va taʼlim tashkilotlari hamda Yadroviy tadqiqotlar Birlashgan instituti oʼrtasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishga bagʼishlangan davra suhbati oʼtkazildi. Davra suhbatida FА ilmiy tashkilotlari, yetakchi oliy taʼlim muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv va munozaralar natijalariga koʼra, YaTBI va Oʼzbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Namangan muhandislik-texnologiyalari institutlari oʼrtasida hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Bundan koʼzlangan maqsad, yuqori malakali ilmiy, muhandis kadrlar tayyorlashga qaratilgan qoʼshma loyihalar, xalqaro ilmiy forumlar va taʼlim dasturlarini amalga oshirish boʼyicha hamkorlikni yoʼlga qoʼyishdan iborat.
Shuningdek, YaTBI delegatsiyasi tashrifi doirasida OʼzR FА Yadro fizikasi institutida “Bulutli hisoblashlar klasteri”ni ochish va ishga tushirish marosimi oʼtkazilishi rejalashtirilgan.
Maʼlumot oʼrnida, Yadroviy tadqiqotlar Birlashgan instituti (YaTBI) Dubna shahrida joylashagan xalqaro tadqiqot markazidir. Institut 1956-yil 26-martdan davlatlararo “YaTBI ni tashkil etish toʼgʼrisidagi shartnoma” asosida tashkil etilgan. YaTBI xalqaro standartlariga muvofiq, BMT Kotibiyatida roʼyxatdan oʼtgan. Hozirgi vaqtda Yevropa, Osiyo, Аfrika va Lotin Аmerikasining 19 ta davlati YaTBI doimiy aʼzolari. Oʼzbekiston Respublikasi 1993-yildan beri YaTBIning toʼlaqonli aʼzosi hisoblanadi.