2018-yil 13-aprel kuni Samarqand shahrida “Islom Karimov – O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoschisi” mavzusida Xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etildi. Ushbu koferensiyaning asosiy maqsadi O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug`aniyevich Karimovning O`zbekiston davlat mustaqilligini qo`lga kiritishi va barqaror rivojlanish yo`lidagi ulkan tarixiy xizmatlarini inobatga olgan holda, uning xotirasini abadiylashtirish ishlarini davom ettirishdir.
Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, O`zbekiston yozuvchilar uyushmasi, O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Respublika ma`naviyat va ma`rifat markazi, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma`rifiy yodgorlik majmuasi, Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoatchilik fondi, Samarqand davlat universiteti, shuningdek, Samarqand viloyati hokimligi tomonidan o`tkazildi.
Konferensiya yalpi majlisida O`zR FA prezidenti, akademik B.S.Yuldashev, Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi V.A.Sadovnichiy, T.A. Karimova (Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoatchilik fondi ta’sischisi), T.Sh. Shirinov (Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma`rifiy yodgorlik majmuasi rahbari), Lyu Tao (Samarqand davlat chet tillar instituti qoshidagi Konfutsiy instituti direktori), Raushan Serik (Qozog`iston-nemis universiteti bo`lim boshlig`i, Qozog`iston), Cholpon Koychumanova (Qirg`iziston Respublikasi Milliy Fanlar akademiyasi Tarix va madaniy meros institutining ilmiy ishlar bo`yicha direktor o`rinbosari) O`zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali Ahmedov kabi yirik fan va jamoat arboblari so`zga chiqdilar.
Konferensiya ishi ikki sho`bada tashkil qilindi. “O‘zbekiston davlat mustaqilligining qo`lga kiritilishi va mustahkamlanishida Islom Karimovning o`rni” deb nomlangan birinchi sho`bada I.A.Karimovning mamlakat taraqqiyotidagi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy (S.Rizayev, X.Yunusova, Sh.Salimov), madaniy (V.Kuchkarov, M.Kuronov) roli kabi mavzularda ma`ruzalar qilindi. Shuningdek, sho`ba ishida B.A.Abduxalimov (O`zR FA vitse-prezidenti), Lyu Tao (Konfutsiy instituti direktori), Ch.U. Koychumanova (Qirg`iziston) singari taniqli tadqiqotchilar qatnashdi.
Ikkinchi sho`ba “O`zbekistonning xalqaro aloqalarini rivojlantirishda Islom Karimovning hissasi” deb nomlanib, unda O`zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi (Li Yu Mi), Tojikiston (A. G`afurov), Fransiya (Yu.Kushanova) o`rtasidagi madaniyat va ta`lim sohasidagi aloqalarini (R.Nazarov, Sh.Raxmatullayev, S.Pulatova), Islom Karimovning Markaziy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni saqlashga qo`shgan hissasi (S. Adilxodjayeva, M. Raximov) va O`zbekiston Respublikasining xalqaro aloqalariga oid boshqa ma`ruzalar muhokama qilindi.
Tadbir doirasida Islom Karimov Xotirasi majmuasiga tashrif buyurildi va gullar qo`yildi, shuningdek, qadimiy Samarqand shahri bo`ylab sayohat uyushtirildi.