Immunologiya va inson genomikasi institutiga press-tur tashkil etildi

O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Immunologiya va inson genomikasi instituti mamlakatimizning yetakchi ilmiy muassasalaridan biri bo'lib, u immunologiya, allergologiya va inson genomikasi sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar va ishlanmalarni olib boradi.

Mazkur Institut faoliyati, bu yerda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil qilindi.

Press-tur davomida ishtirokchilar Reproduktsiya immunologiyasi laboratoriyasi, Fundamental immunologiya laboratoriyasi, Genom-hujayra texnologiyalari laboratoriyasi hamda Immunogentest ilmiy diagnostika markazi bilan tanishdilar hamda ish jarayonini kuzatdilar. Oʼzlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldilar.

 

Maʼlumot oʼrnida, Immunologiya va inson genomikasi instituti 1985-yil akademik U.А.Аripov, akademik R.V.Petrov va akademik R.M Xaitov tashabbuslari bilan tashkil etilgan. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyuldagi 3838-son qarori bilan “Immunologiya va inson genomikasi instituti” deb qayta nomlandi. Hozirgi kunda Institut Markaziy Osiyoda ushbu yoʼnalishdagi yagona ilmiy muassasa hisoblananadi. Institutda 8 laboratoriya, 1 ta boʼlim hamda 1 ta markaz boʼlib, ularda jami 92 nafar xodim, shulardan, 1 nafar akademik, 14 nafar fan doktori, 13 nafar fan nomzodi hamda 59 nafar ilmiy xodimlar faoliyat yuritadi.