Joriy yil 19-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari A.Abduhakimov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakillari, Innovatsion rivojlanish vaziri I.Abdurahmonov, O‘zR FA rahbar xodimlari va ITM direktorlari hamda yetakchi ilmiy xodimlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilishda O‘zR FA Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti, Bioorganik kimyo instituti, Umumiy va noorganik kimyo instituti, O‘simlik moddalari kimyosi instituti, Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti, Botanika instituti, Zoologiya instituti, Immunologiya va inson genomikasi instituti hamda Genomika va bioinformatika markazi faoliyati tanqidiy muhokama qilindi.
Ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyati, ilmiy faoliyat samaradorligi, fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi, ilmiy laboratoriyalar, moddiy-texnika bazasi holatini yaxshilash, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.