Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti olimlari tomonidan dunyoda ilk bor issiqxonalar uchun mo‘ljallangan plyonkalar tarkibiga qo‘shiluvchi, haroratni mo‘tadillashtirish vazifasini bajaradigan nano-kompozit zarrachalar sintez qilindi.
Bu nano-zarrachalar quyosh nurining ultrabinafsha nurlanishini yaqin infraqizil diapazonga aylantiradi. Shu bilan birga, bunday fotonlarning issiqlik energiyasi 17-22°C ga teng bo‘ladi. Natijada, tashqi harorat -3…-7 °C bo‘lgan holatda ham, issiqxona ichidagi harorat qo‘shimcha qizdirishsiz +5…+7°C gacha saqlanadi (odatiy plyonkalarda bu ko‘rsatkich 0…+2°C bo‘ladi). Issiq kunlarda esa issiqxona ichidagi harorat 5–8°C ga pasayadi.
Infraqizil diapazondagi fotonlar soni ko‘payishi tufayli fotosintez tezlashadi va o‘simliklar 1,5–2 baravar tez o‘sadi. Shu bilan birga, energiya sarfi 60% dan ortiq kamayadi, hosildorlik 35–50% ga ortadi, sug‘orish uchun suv tejalishi 30% ni tashkil etadi, agar gidrogellar qo‘llanilsa, bu koʼrsatkich 90% gacha yetadi. Plyonkaning mustahkamligi 3 baravar oshadi.
Sinovlar Toshkent, Jizzax, Farg‘ona va Аndijon viloyatlarida o‘tkazilgan.
Hozirgi kunda Shanxay Qishloq xoʼjaligi akademiyasi tomonidan Xitoy Xalq Respublikasining turli tuproq-iqlim sharoitida keng koʼlamli sinovlar olib borilmoqda.
Shanghai Daedon Science and Technology Ltd. kompaniyasi bilan O‘zbekistonda Materialshunoslik instituti bazasida nano-poroshoklarni qo‘shma tajriba-sanoat ishlab chiqarishini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tajriba-sanoat ishlab chiqarishni rivojlantirish rejasiga ko‘ra, 2025-yilda 1 tonna, 2026-yilda esa 10 tonna nano zarrachalar ishlab chiqariladi.
Ishlab chiqarish hajmini yiliga 2 000 tonnaga yetkazish uchun nano-poroshoklar ishlab chiqarish zavodi quriladi.
Mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha Shanghai Daedon Science and Technology Ltd. kompaniyasi bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi.