Folklorshunos olim Mamatquli Joʼrayev olamdan oʼtdi

Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʼzbek tili, adabiyoti va folklori institutining Folklor boʼlimi mudiri, Oʼzbekiston Respublikasida xizmat koʼrsatgan madaniyat xodimi, filologiya fanlari doktori, professor Mamatquli Joʼrayev 2021-yilning 24-avgust kuni 65 yoshida olamdan oʼtdi.

Mamatquli Joʼraev 1956-yil 1-oktyabrda Buxoro viloyatining Qorakoʼl tumanida tugʼilgan. U oʼzbek filologiyasining atoqli namoyandalaridan biri, xalq ogʼzaki badiiy ijodiyotini keng koʼlamda tadqiq etishdan iborat fundamental ilmiy maktabga asos solgan fan tashkilotchisi, eposshunoslikning koʼplab nazariy masalalarini jahonshumul darajada hal qilgan yirik folklorshunos olim edi.

M.Joʼrayev oʼzbek folklorshunosligining dolzarb masalalariga doir 60 ga yaqin kitob, shu jumladan, 20 ga yaqin monografiya, 8 ta oʼquv qoʼllanma va xorijiy mamlakatlarda bosilgan 4 ta kitob muallifidir. Uning hozirgacha 500 dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalari nashr etilgan boʼlib, Germaniya, Janubiy Koreya, Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Turkmaniston, Ozarbayjon, Qozogʼiston kabi mamlakatlarning ilmiy nashrlarida chop ettirilgan 80 ga yaqin ilmiy maqola va axborotlari xorijlik olimlar tomonidan eʼtirof etilgan. Soʼnggi 3 yil ichida olimning 20 ta kitobi chop etilgan boʼlib, shundan 2 tasi Germaniya va Rossiya Federatsiyasida nashr qilingan.

Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Prezidiumi nomidan marhumning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz!