O’zR FA Botanika instituti olimlari tomonidan dukkakdoshlar (Fabaceae Lindl.) oilasi tangao’t (Hedysarum L.) turkumiga mansub yangi o‘simlik turi kashf etildi.
Ushbu o’simlik dastlab 2019-yilda Botanika instituti olimlarining Janubi-G’arbiy Pomir-Oloyning O’zbekiston qismidagi Bobotog’ tizmasida amalga oshirgan dala tadqiqotlarida topilgan. Keyinchalik 2020-2021-yillarda ushbu yangi turning populyatsiyasi va ekologiyasi o’rganildi. Uzoq vaqt davomida mazkur topilma ustida o’tkazilgan ekologik, morfologik va molekulyar tadqiqotlarning natijasi ushbu o’simlik turining o’ziga xos belgilari turkumning shu vaqtgacha ma’lum turlariga mos kelmasligini ko’rsatdi.
Shu sababli ushbu o’simlik turi fan uchun yangi tur sifatida qayd etildi va unga Hedysarum sunhangii Juramurodov & Tojibaev, 2021 deb nom berildi. Ushbu turning kashfiyoti haqidagi maqola xalqaro Phytotaxa jurnalida chop qilindi. (https://www.biotaxa.org/Phytotaxa/article/view/phytotaxa.524.1.1).