Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Shahlo Turdikulova “Illumina” rahbarlari bilan uchrashdi

2025-yil 25-may kuni Milanda Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Shahlo Turdikulova dunyodagi yetakchi genomika kompaniyalaridan biri — “Illumina” rahbarlari bilan uchrashdi. Uchrashuvda Oʼzbekistonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan “1000 genom” loyihasi doirasida aholi populyatsiyasini genom darajasida sikvenslash masalalari muhokama qilindi.

 Loyiha mamlakatda birinchi marta amalga oshirilayotgan katta masshtabli genomik tadqiqot boʼlib, shaxsiy tibbiyotni rivojlantirish, irsiy kasalliklarni erta aniqlash va oʼzbek populyatsiyasiga xos genetik maʼlumotlar bazasini yaratishni koʼzda tutadi.

“Illumina” kompaniyasining NovaSeq va NextSeq kabi zamonaviy sikvenslash platformalari asosida loyihani yuqori aniqlik va xalqaro standartlarga muvofiq amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

 “Bu tashabbus — faqat ilmiy yutuq emas, balki kelajakdagi sogʼlom avlod, samarali tibbiyot va texnologik mustaqillik sari tashlangan qadamdir. Illumina bilan hamkorlik biz uchun strategik ahamiyatga ega” - dedi Shahlo Turdikulova.

Loyiha doirasida biobank yaratish, mahalliy kadrlarni tayyorlash va xalqaro tajribani Oʼzbekistonga olib kirish boʼyicha ham kelishuvlar muhokama qilindi.