Fanlar akademiyasi prezidenti Xorazm Maʼmun akademiyasi jamoasi bilan uchrashdi

2021-yil 1-aprel kuni Xorazm Maʼmun akademiyasiga OʼzR FА prezidenti, akademik B.Yuldashev hamda vitse-prezident S.Mirzayev tashrif buyurishdi va ilmiy natijalar, yosh olimlar tadqiqotlari, ilmiy ishlanmalari bilan tanishdi. Soʼngra Аkademiya jamoasi bilan uchrashuv tashkil qilindi.

 

Uchrashuvda Xorazm Maʼmun akademiyasining ilmiy xodimlari, doktorantlar, yosh tadqiqotchilar ishtirok etishdi. Dastlab, Xorazm Maʼmun akademiyasi raisi I.Аbdullayevning hisoboti tinglandi.

So’ngra, B.Yuldashev mamlakatimizda Prezident Sh.Mirziyoev boshchiligida ilm-fan sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, yosh olimlarga, tadqiqotchilarga davlatimiz tomonidan berilayotgan eʼtibor va gʼamxoʼrlik, Xorazm Maʼmun akademiyasida yaxshilangan shart-sharoitlar, imkoniyatlar va erishilgan yutuqlar xususida gapirdi. Shuningdek, har bir olimning oʼz sohasi boʼyicha natijalarga erishuvi, oldinda turgan vazifalar xususida ham alohida toʼxtalib oʼtdi.

Har bir tadqiqot ishi birinchi navbatda amaliyotga xizmat qilishi, undagi mavjud muammolarni bartaraf etishning aniq yoʼnalishlarini koʼrsatib berishi, fan sohasidagi har bir yoʼnalishning istiqboldagi takomiliga hissa qoʼshishi lozim ekanligini taʼkidladi. Xorazm Maʼmun akademiyasida paxtaning hosildor yangi navi boʼyicha olingan natijalarini alohida qayd etdi. Ijtimoiy-gumanitar fanlar boʼlimi tadqiqotlari asosida chop etilgan nashrlarni eʼtirof etdi.

Yosh olimlar, tadqiqotchilar bilan alohida suhbat uyushtirib, ularni qiziqtirgan savollarga javob berdi va zarur tavsiyalar berdi. Uchrashuv sermazmun va qiziqarli oʼtdi.