Jahon tamadduni tarixida koʻplab nodir va bebaho yodgorliklar borki, ular nafaqat bir millat, balki butun insoniyat uchun ham beqiyos maʼrifiy va madaniy ahamiyat kasb etadi. Ana shunday noyob yodgorliklardan biri XI asrda yaratilgan – Mahmud Koshgʻariy qalamiga mansub “Devonu lugʻoti-t-turk” (“Turkiy soʻzlar toʻplami”) asaridir.
Ushbu asarning yaratilganiga milodiy yil hisobida 950 yil toʻlishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyida “Devonu lugʻotit-turk” – turkiy xalqlarning noyob yozma yodgorligi” mavzusida Xalqaro andjuman oʻtkazildi.
Anjumanda koʻrilgan ilmiy masalalar mazkur mumtoz bitikni turlicha aspektlarda oʻrganishga va shular asosida ilmiy tadqiqlar qilishga qaratilgan. Maqsad – “Devonu lugʻoti-t-turk” nafaqat oʻz yaratilgan davriga doir turkiy soʻzlarning lugʻati, balki oʻz davrining muhtasham ilmiy va adabiy obidasi ekanligini yana bir karra koʻrsatish, ilmiy jihatdan asoslashdir.
Anjuman ishida qirqdan ortiq maʼruzalar qilindi. Undaakademik Toʻra Mirzayev, Ibrohim Yoʻldoshev, Jabbor Eshonqulov, Hamidulla Boltaboyev, Boqijon Toʻxiyev, Nasimxon Rahmonov, Qosimjon Sodiqov, Berdaq Yusuf, Burobiya Rajabova, Joʻra Xudoyberdiyev kabi oʻzbekistonlik olimlar bilan bir qatordaIstanbul Marmara univervesiteti professori Mustafo Kachalin, afgʻonistonlik Muhammad Halim Yorqin, Istanbul universitetidan Emek Ushenmez, tojikistonlik Nurullo Murodiy, xitoylik tadqiqotchi Dang Shi, Ozarboyjondan Poʻlat Zeynalov kabi olimlar hamoʻz maʼruzalari bilan ishtirok etishdi.
Bunday ilmiy izlanishlar orasida oʻzbekistonlik yosh olim va tadqiqotchilar ham 20 dan ortiq maʼruzalar bilan qatnashdi. Ular ham ushbu asarni ustoz olimlar qatori ham lingvistik, ham adabiy, ham tarixiy va madaniy areal boʻyicha qiyosan oʻrganishga kirishganlar. Taʼkidlash zarurki, anjuman materiallari turli mavzularda boʻlishi bilan birga turli xil saviyadadir. Har bir tadqiqotchi “Devon”ga oʻz ilmiy nuqtai nazari va mavzuiy yoʻnalishi boʻyicha yondashgan. Shuning uchun ularning saviyasini ham birdek deb boʻlmaydi. Biroq bunga qaramay, ushbu ilmiy anjuman “Devonu lugʻoti-t-turk” asarini oʻrganish boʻyicha yangi ufqlarni koʻrsatuvchi va kelgusidagi tadqiqotlar uchun munosib ilmiy manba boʻlib qoladi.