2019-yilda buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniyning “Harakatlanish yo‘li”, “Zijlar yog‘dusi” va “Xaritashunoslik” asarlaridan tarkib topgan VIII jildi chop qilindi.
“Harakatlanish yo‘li” asari ko‘k yoritqichlarining osmonda aniq bir yo‘nalishda harakatlanishi va yulduzlar ilmiga bag‘ishlangan.
“Zijlar yog‘dusi” banaroslik Vijay Nandining falakiyot ilmiga oid hindiycha “Karan tilak” asaridir. Beruniy bu asar tarjimasi matnini boshqa hind zijlari bilan to‘ldirgan va ularni sharhlab, fikrlarini bayon qilgan.
“Xaritashunoslik” mazkur jilddan o‘rin olgan uchinchi asardir. Beruniy bu asarda fazoning tekislikda aks ettirilishi va o‘zi kashf etgan “silindr proeksiyasi”ni qisqacha sharhlagach, fazoni tekislikda ifodalashning “sharli” va “doirali proeksiya” usullarini tushuntiradi.
Mazkur jildni O‘zR FA Sharqshunoslik instituti yetakachi ilmiy xodimi t.f.n. Ashraf Ahmedov so‘zboshi va izohlar bilan nashrga tayyorlagan. Bu asar mutaxassislar, tadqiqotchilar, talabalar, shuningdek, falakiyot hamda xaritashunoslik ilmi bilan qiziquvchi barcha uchun foydalidir.