O‘zR FA Botanika instituti O‘zbekiston florasi laboratoriyasining kichik ilmiy xodimlari PhD, D.I. Maxmudjanov va F.I. Akbarov Xitoy Fanlar akademiyasining Kunming Botanika institutida ilmiy stajirovka o‘tkazdilar. Ushbu stajirovka davomida D.I. Maxmudjanov va F.I. Akbarov professor Deng Tao rahbarligida ilmiy tadqiqotlar olib borishdi.
D.I.Maxmudjanov Asphodeloidae oilachasi turkumlarining molekulyar metodlarga asoslangan holda xloroplast genomi va yadro DNKsidan foydalanib flogeniyasi va tarixiy biogeografiyasi va evolyutsiyasini aniqlash, F.I. Akbarov O‘rta Osiyo florasini to‘r tizimli xaritalash ishlari uchun katta hajmdagi geobog‘langan ma’lumotlarni to‘r tizimli xarita indekslariga avtomatlashgan tarzda integratsiya qilish va o‘simliklarning geofazoviy tarqalishini matematik modellar yordamida tahlil qilishning ilg‘or usullarini o‘rganish bilan shug‘ullandi.
Tadqiqot natijalari bo‘yicha professor Deng Tao bilan kelajakda amalga oshiriladigan qo‘shma loyihalar uchun rejalar ishlab chiqildi. To‘plangan ma’lumotlar asosida Eremurus M.Bieb. turkumining global tarqalishini to‘r tizimli xaritalashga asoslangan holda aks ettiruvchi “Eremurus M.Bieb” nomli monografiya nashr etilishi, Asphodeloideae oilachasi turlarining evolyutsiyasi va biografiyasi boʻyicha olingan tahlil natijalari nashr etish uchun tayyorlanishi, o‘zlashtirilgan dasturlar va metodlar O‘rta Osiyo florasini to‘r tizimli xaritalash ishlarida foydalanilishi, olib borilgan tahlillar asosida ilmiy maqolalar chop etilishi kelishib olindi.
D.I. Maxmudjanov va F.I. Akbarov tomonidan amalga oshirilgan stajirovka ularning kasbiy malakalarini oshirish bilan birga, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Kelgusida rejalashtirilayotgan tadqiqot loyihalari ikki mamlakat hududida biologik xilma-xillikni saqlash va ekologik muammolarni hal qilishga qaratilgan bo‘lib, bu sohadagi xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishga imkon yaratadi.