“Beruniy oʼqishlari” ilmiy-amaliy anjumani oʼtkazildi

Bugun, Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Аbu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida “Beruniy oʼqishlari” deb nomlangan ilmiy anjuman oʼtkazildi.

 

Mazkur anjumanda vatanimiz tarixini targʼib qilish, uning shonli oʼtmishini tadqiq etishda tadqiqotchilarning ilmiy-usulbiy malakasini oshirish, ularni mamlakatda kechayotgan ilmiy jarayonlar bilan yaqindan tanishtirish va oʼzaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishda ilmiy-amaliy tavsiyalarni ishlab chiqish koʼzda tutilgan. Shuningdek, unda respublikamizdagi sharqshunoslar, yosh olimlar ilmiy potentsialini oshirish, ilm-fan va taʼlim integratsiyasini rivojlantirish, ilmiy salohiyatni kuchaytirish, tashkilotlararo korporativ hamkorlik faoliyatini kengaytirish, milliy oʼzlikni anglash va qadriyatlarni asrab qolish, jamiyat ravnaqi va tinchligiga putur yetkazadigan zararli gʼoyalar tarqalishining oldini olish tadbir vazifasi qilib belgilandi.

Аnjumanda Аbu Rayhon Beruniy ilmiy merosi va ijodining dunyo ilm-fani taraqqiyotida tutgan oʼrni, olim asarlari tadqiqi, unga oid tarixiy manbalar, tadqiqotlar tahliliga oid masalalar, buyuk allomalarimizning ilmiy merosini oʼrganish, Markaziy Osiyo tarixi va tarixshunosligi, meʼmoriy yodgorliklar tarixi, Sharq xalqlari adabiyotining ommalashuvi va maʼnaviy-badiiy qirralari, Oʼzbekistonning xorijiy sharq mamlakatlari bilan munosabatlariga alohida eʼtibor qaratildi.