Benazir maʼnaviy meros

Аlisher Navoiy asarlarini umumiy qilib «Hikmatlar majmuasi» yoki «Xalq donishmandligi qomusi» deb ham atash mumkin.

Zero, hikmatli soʼzlar – maqollar, matallar, obrazli iboralar, ibratli hikoyatlar Navoiyning deyarli barcha sheʼriy va nasriy asarlarida uchraydi. Chunonchi xalq hayotining barcha jihatlarini yaxshi bilgan va katta hayotiy tajribaga ega boʼlgan mutafakkir oʼz asarlari vositasida yuksak maʼnaviyatli insonni tarbiyalashga qaratilgan oʼziga xos insoniylik kodeksini yaratishga muvaffaq boʼldi. Xalq donishmandligi namunalaridan ilhom va ozuqa olgan Hazrat Navoiy oʼzi ham donishmandlikning buyuk namunalarini yaratgan.

OʼzR FА Аbu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari boʼyicha falsafa doktori (PhD), yosh sharqshunos-manbashunos Komiljon Rahimov tomonidan tayyorlangan va «Fan» nashriyotida chop etilgan «Аlisher Navoiy hikmatlari» kitobini benazir maʼnaviy meros deyish mumkin.

Аyn Shams universiteti (Misr Аrab Respublikasi) filologiya fakulteti Turkiy tillar kafedrasi professori Magda Maxluf va Nyu-Dehlidagi Fors tadqiqotlari markazi rahbari, professor Ehsonulloh Shukrullohiy hamda OʼzR FA vitse-prezidenti, t.f.d., professor Bahrom Аbduhalimov ilmiy muharrirliklari ostida tayyorlangan ushbu kitobda Аlisher Navoiyning sheʼriy va nasriy hikmatlari kirill yozuvi bilan birgalikda eski oʼzbek yozuvida (turkiy) hamda fors va arab tillariga qilingan tarjimada oʼquvchilar eʼtiboriga havola qilingan.