Joriy yil 5-7-sentyabr kunlari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazida “Steppe Sisters Network” xalqaro uyushmasi bilan hamkorlikda va Germaniyaning Aleksandr fon Humboldt tashkiloti moliyaviy ko’magi bilan ayol tadqiqotchilar uchun konferensiya va seminar mashg'ulotlari o‘tkazildi.
Tadbir tarix, arxeologiya, ekologiya va antropologiya sohalarida faoliyat yuritayotgan yosh tadqiqotchi olimalar salohiyatini oshirish, Markaziy va Old Osiyoni o‘rganuvchi tadqiqotchilar hamjamiyatini shakllantirish maqsadida tashkil etildi.
Unda talaba va tadqiqotchilarga ilmiy faoliyatning dastlabki bosqichida muvaffaqiyatga erishish uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalar borasida tushunchalar berildi. Seminar mashg‘ulotlari doirasida asosan ilmiy tadqiqotchilik faoliyatini boshlash va muvaffaqiyatga erishish, postdoktoral tadqiqotlarni olib borish, ilmiy tadqiqotlar uchun moliyaviy ta’minotchilar topish, ilmiy tadqiqot natijalarini taqdim etish, sohadagi mavjud qiyinchiliklarni qanday yengib o‘tish va boshqa shu kabi masalalar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, ishtirokchilarni qiziqtirgan sohadagi boshqa muammolar ham ko‘tarildi. Jumladan, arxeologik ob’ektlar, madaniy merosni boshqarish, muzeylar faoliyati va ko‘rgazmalar tashkil etish kabi mavzular ham qizg‘in muhokama qilindi.
Tadbirda qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston kabi davlatlardan tashqari Turkiya, Fransiya, AQSH kabi boshqa chet el davlatlaridan ham ko‘plab mutaxassis olimalar ishtirok etishdi.