Ayni kunlarda O‘zR FA Milliy arxeologiya markazi xodimlari Axsikent yodgorligida tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar. Tadqiqotlar davomida Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan Axsikent yodgorligida Qoraxoniylar davriga oid devoriy suratlar aniqlandi.
E’tiborlisi, bu kabi suratlar Farg‘ona vodiysida ilk marotaba topilmoqda. Devoriy suratlar Qoraxoniylar davriga tegishli mahobatli arxitektura inshootlari devorlarini bezab turgan.
Shuningdek, Axsikent arxeologik yodgorligida alebastr va loyga o‘yib ishlangan ganchkorlik san’ati namunalari ham aniqlandi.
Ayni vaqtda restavratorlar guruhi tomonidan devoriy suratlar va ganchkorlik buyumlarini ta’mirlash va tiklash ishlari olib borilmoqda.