Amir Temur davri jangchisining sovuti hozirda O'zR FA O'zbekiston tarixi davlat muzeyida saqlanadi. Ushbu sovut XIV-XV asrlarga tegishli bo'lib, bu po'lat dubulg'a va ustidan zirh kiyiladigan charm ko'ylak deyarli butun holda saqlangan. Sovut 100 ga yaqin po'lat plastinkalardan tashkil topgan.
U bir necha bo'lakdan iborat. Shulardan eng yirigi to'rtburchak shaklda bo'lib, 11×8 sm. kattalikdagi yirik va qalin plastinkalardan iborat. Bu qism jangchi ko'ksini nayza va paykon zarblaridan himoya qilgan. Uning ikki tomoni maydaroq plastinkalardan iborat ikki qavatli blokdan iborat. To'g'ri burchakli chorsi va romb shaklidagi bu plastinkalar yordamchi vazifasini o'tagan. Ular yelkani yashirib turgan, tirsak va tizza sovuti hisoblangan. Plastinkalar bir-biriga payvandlanib, zich himoya joylari hosil qilgan, ularni bir-biriga ulash oson bo'lishi uchun yuqori qismida kamar o'tkazadigan teshikchalar ham qilingan. Tahlillar shuni ko'rsatadiki, qurol-aslahalar cho`kichlangan metalldan yasalgan, bunday metall tarkibida turli miqdordagi uglerod moddasi bo'lgan po'latdan olingan. Mazkur jang anjomi nafaqat O'zbekiston, balki butun O'rta Osiyo hududida o`rta asrlarda oliynasab jangchilarning asosiy jang aslahasi hisoblangan.
Ushbu sovut Muzeyda 2003-yildan buyon namoyish etilmoqda.