Alisher Navoiyning “Xamsa” dostonlari faksimil nashri taqdimoti o'tkazildi

Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyida Alisher Navoiyning “Xamsa” dostonlari faksimil nashri taqdimoti o'tkazildi.

Faksimil nashr muzey fondida saqlanayotgan 23-raqamli qo‘lyozma asosida tayyorlangan. 

Bu noyob qo‘lyozmada shoirning besh dostoni matni o‘rin olgan bo‘lib, boshida “Hayrat ul-abror “ o‘rnida “Lison ut-tayr” matni bitilgan(1-60 vv.). Undan keyin esa “Farhod va Shirin” (61-158 vv.), “Layli va Majnun” (160-224 vv.), “Sabai sayyora” (224-310 vv.), “Saddi Iskandariy” (311-428 vv.) dostonlari matni yirik nasta'liq xatida juda sifatli Qo‘qon qog‘oziga bitilgan. Qo‘lyozmada qirq sakkiz miniatyura mavjud bo‘lib, ularning sakkiztasi “Lison ut-tayr”, to‘qqiztasi “Farhod va Shirin”, sakkiztasi “Layli va Majnun”, o‘ntasi “Sab'ai sayyora” va o‘n uchtasi “Saddi Iskandariy” dostonlari matnini bezab turibdi. Ularning yigirma ikkitasi Hamid Sulaymon va Fozila Sulaymonova tartib bergan “Alisher Navoiy asarlariga ishlangan rasmlar” albomida nashr etilgan.

Bu noyob qo‘lyozmada shoirning besh dostoni matni o‘rin olgan.
428 varaqdan iborat, 18×31,5 sm o‘lchamdagi ushbu qo‘lyozma yuqori sifatli Qo‘qon ipak qog‘ozida bitilgan. Matn qora siyohda, sarlavhalar qizil rangda, jadval chiziqlari esa oltin suvi bilan bezatilgan. Sahifalar ko‘k, lojuvard, yashil, sariq kabi yorqin ranglarda gullar va o‘simlik tasvirlari bilan boyitilgan. Ayniqsa, “Lison ut-tayr” va “Xamsa” dostonlariga ishlangan 47 ta rang-barang miniatyura asarning badiiy va tarixiy qiymatini yanada oshiradi.