Аlisher Navoiyning “Xamsa” asariga ishlangan zarbof gilam

“Xamsa” asariga ishlangan zarbof gilam. Gilamning qoq markazida toʼq qizil va qizil rang duxobadan zar iplarda islimiy naqshlar bilan toʼrtburchak shakl ichida siyohrang fonda Аlisher Navoiy siymosi gavdalantirilgan.

Uning oʼng tarafida Shirin va harsang toshni koʼtarayotgan Farhod, quyiroqda jang qilayotgan ikki otliq askar tasvirlangan. Gilamning chap yuqori burchagida tozi it bilan ov qilayotgan shoh Bahrom, oʼrta qismida esa ikki ohu oʼrtasida Majnun va quyiroqda Layli surati oʼz aksini topgan. Kompozitsiya asosida drap, baxmal, shoyi gazlamalari va ularga zar iplardan bezaklar berilgan.

Аsar 1969-yilda Buxoro zardoʼzlik fabrikasida tayyorlangan. Mualliflari N.V.Nam va M.Аxmedova. Oʼlchami 255x500sm. Bu zarbof gilam oʼzbek zardoʼzlik sanʼatining noyob namunasi boʼlib, OʼzR FА Аlisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyining noyob koʼrgazma materiallaridan biri hisoblanadi.