Akademik Taxir Aripov tavalludining 80 yilligiga bagʻishlangan ilmiy-amaliy konferensiya o'tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida 9-sentyabr kuni akademik Tohir Aripov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan “Bioorganik kimyo rivojining dolzarb muammolari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.

 

Mazkur konferensiyada professorlar, akademiklar, olimlar, yosh tadqiqotchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda ilm-fan sohasini rivojlantirish, ko‘p yillik samarali mehnati, xususan, biofizika yo‘nalishidagi fundamental tadqiqotlari bilan muhim ixtirolar, ilg‘or innovatsion loyihalarni amalga oshirishga qo‘shgan katta hissasi, ibratli faoliyati hamda tavalludining 80 yilligi munosabati bilan bu yil akademik Tohir Aripovga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni berildi.  

Tadbirda olim bilan bir safda faoliyat yuritgan fan va davlat arboblari hamda shogirdlari ishtirok etib, akademik Tohir Aripovning jamiyat va aholi farovonligi yo‘lida olib borgan samarali izlanishlarini e’tirof etishdi.

Olimning ilmiy faoliyatidagi alohida diqqatga sazovor jihat, bu uning fan va ishlab chiqarishni integratsiyalashtirishga bo‘lgan intilishidir. Uning rahbarligida shogirdlari va hamkasblari tomonidan amalga oshirilgan ilmiy ishlanmalar bir qator yangi fundamental va amaliy tadqiqotlar uchun asos bo‘lib xizmat qildi.

Bu loyihalar doirasida istiqbolli dori vositalari yaratildi va faol ikkilamchi metabolitlar to‘planishini oshiruvchi zamonaviy biotexnologik yondashuvlar ishlab chiqildi. Bunday tizimli yondashuv nafaqat fundamental fanni rivojlantiradi, balki olingan natijalarning amaliy ahamiyatini ham ta’minlaydi.