Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tashabbusi bilan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi hamkorlikda o’tkazilayotgan “Аkademik bilan suhbat” onlayn loyihasining bu galgi mehmoni fizika sohasidagi yetuk olim, OʻzR FA akademigi Bahodirxonov Muhammad Kabir Saidxonovich bo’ldilar.
Ushbu onlayn suhbat Zoom platformasida bo’lib o’tdi. Unda Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biloglar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati o’qituvchi va o’quvchilari ishtirok etdi.
Akademik Muhammad Kabir Bahodirxonov o’quvchilarga o’zining maktab va talabalik davrlari, fizika sohasidagi ilmiy izlanishlari, sohaga kirib kelishi haqida gapirib berdi. Shuningdek, energetika sohasida olib borilayotgan tadqiqotlar haqida ham gapirib, bu yo’nalishda yaratilgan ayrim laboratoriya qurilmalarini ko’rsatib o’tdi va akademik Muhammad Kabir Bahodirxonovning shogirdlari tomonidan ular haqida suhbat ishtirokchilariga to’liq ma’lumot berildi.
O’quvchilar o’zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Ishtirokchilar ushbu onlayn suhbat uchun o’z minnatdorchiliklarini bildirdilar hamda kelgusida bu kabi muloqotlar tez-tez o’tkazib turilishi istagida ekanliklarini ta’kidladilar.