Аbu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlanadi

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk mutafakkir va qomusiy olim Аbu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash toʼgʼrisida”gi qarori qabul qilindi.

Oʼzining noyob asarlari hamda olamshumul kashfiyotlari bilan jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qoʼshgan buyuk mutafakkir va qomusiy olim, Ilk Renessans davrining yorqin namoyandasi Аbu Rayhon Beruniyning ilmiy-maʼrifiy merosini yanada chuqur oʼrganish va keng targʼib qilish, ushbu yoʼnalishda tadqiqotlar olib borayotgan yetakchi xalqaro ilmiy markazlar bilan yaqin hamkorlik oʼrnatish, shuningdek, Аbu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash maqsadida qator vazifalar belgilandi.

Xususan, mazkur qaror bilan Fanlar akademiyasining Qoraqalpogʼiston boʼlimi va Xorazm Maʼmun akademiyasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularda madaniy meros obʼektlari, shu jumladan, arxeologiya merosi obʼektlari, muzey ashyolarini restavratsiya va konservatsiya qilishga ixtisoslashgan laboratoriya tashkil qilish hamda ularni zamonaviy jihozlar bilan taʼminlash hamda Аbu Rayhon Beruniy merosini oʼrganish maqsadida xalqaro miqyosda keng koʼlamli ilmiy izlanishlar olib borish va ularning natijalarini eʼlon qilish, shu mavzuda ilmiy, badiiy-publitsistik asarlar yaratish, xorijiy olimlarning asarlarini oʼzbek va qoraqalpoq tillarida nashr qilish belgilandi.

Shuningdek, Аbu Rayhon Beruniy siymosi tushirilgan pochta markalari va konvertlar yaratiladi, kumush va oltin yubiley tangalari muomalaga chiqariladi.

Respublikamizdagi Аbu Rayhon Beruniy nomi bilan bogʼliq obida va qadamjolarni, shu jumladan, Аbu Rayhon Beruniy sharafiga oʼrnatilgan yodgorlik majmualarini mukammal taʼmirlash va ularning hududlarini obodonlashtirish, “Buyuk Beruniy merosi” xalqaro sayyohlik marshrutlarini yoʼlga qoʼyiladi.