“Yangi Аndijon” shahri hududida seysmologik tadqiqotlar olib borilmoqda

OʼzR FА Gʼ.O. Mavlonov nomidagi Seysmologiya instituti ilmiy xodimlari Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 12-iyuldagi PQ-5180-sonli “Yangi Аndijon” shahrini barpo etish ishlarini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qarorida belgilangan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida 4 ming gektar maydonni egallagan “Yangi Аndijon” shahri hududini seysmik mikrorayonlashtirish xaritasini yaratish uchun seysmologik, seysmotektonik va muhandis-seysmologik tadqiqotlarini olib bormoqdalar. Ushbu ilmiy tadqiqotlarda Seysmologiya institutining yetakchi ilmiy xodimlari g.-m.f.d., prof. V.А.Ismailov, f.-m.f.d. R.S.Ibragimov, f.-m.f.n. U.А.Nurmatov, f.-m.f.n. А.X.Ibragimov, g.-m.f.n. Yu.M.Sodikov hamda 20 nafar ilmiy xodim va muhandislardan iborat jamoa ishtirok etmoqda.

 

“Yangi Аndijon” shahri hududini seysmikligini baholash maqsadida 5 ta punktda seysmometrik stantsiyalar oʼrnatildi. Hozirda bu seysmik stantsiyalar tadqiqot maydoni va uning atrofidagi hududlarda sodir boʼlayotgan zilzilalarni qayd etib, qurilish maydonining seysmik faolligini taxlil qilishda tadqiq etilmoqda. Shuningdek, 332 ta punktda seysmorazvedka va 80 ta punktda elektrorazvedka dala ishlari olib borildi. Hozirgi kunda oʼrganilayotgan hududning 200 ta punkda mikroseysmik toʼlqinlar qayd qilingan boʼlib, olingan maʼlumotlar natijasiga koʼra har bir punktda seysmik jadallik baholash tadqiqotlari olib borilmoqda.

 

Ilmiy tadqiqotlar natijasida yaratiladigan seysmik mikrorayonlashtirish xarita “Yangi Аndijon” shahri hududida seysmik mustahkam bino va inshootlarni loyihalash-qurilish ishlariga asos sifatida xizmat qiladi.

Maʼlumot o'rnida: Yangi shahar bosh rejasiga koʼra 4 ming ga adirliklar ustida 411 ming aholi yashashi koʼzda tutilgan, 1439 ga maydonda koʼp qavatli turar-joy massivlari, savdo maskanlari va kichik sanoat zonalari, 1820 ga maydonda yashil hududlar, 223 ga maydonda esa xizmat koʼrsatish joylari bunyod etilishi rejalashtirilgan.