Xlorella yashil suv o‘ti asosida preparat ishlab chiqildi

O‘zR FA Mikrobiologiya instituti olimlari tomonidan xlorella yashil suv o‘ti asosida yangi preparat ishlab chiqildi.

  

Xlorella yashil suv o‘ti asosida yaratilgan preparatdan baliqchilikda, chorvachilikda, parrandachilikda ozuqa sifatida hamda o‘simlikshunoslikda ekinlarni o‘stirish maqsadida organik o‘g‘it-biostimulyator sifatida, hatto tibbiyot sohasida ham ishlatish mumkin ekanligi aniqlandi. Bir hujayrali xlorella (Chlorella vulgaris) yashil suv o‘tining biomassasi tarkibida 62% oqsil, 30% uglevod, 5% yog‘ va ko‘plab mineral tuzlar hamda vitaminlar borligi isbotlangan. Baliqchilik xo‘jaliklarida xlorella suspenziyasidan foydalanish, ularning oziq-ovqat bazasini sezilarli darajada mustahkamlashga yordam beradi. Baliqning immunitetini oshiradi, kasallanishini keskin kamaytiradi. Bundan tashqari, suvning bakterial ifloslanishini, zooplanktonlarning rivojlanishini tezlashtiradi. O‘z navbatida bu ham baliqlarni sog‘lom rivojlanishiga olib keladi.

Yaratilgan preparat chorva mollari ozuqa yemiga qo‘shib berilganda go‘sht uchun boqiladigan buqalarda go‘shtning sifati yaxshilanib, vazni ortadi, sut yo‘nalishidagi sigirlarda sutning miqdori ortadi. Qishloq-xo‘jalik ekinlarni o‘stirishda biologik o‘g‘it va biostimulyator sifatida ishlatiladi. Bunda asosan o‘simliklarning urug‘ini ivitib ekishda, ildiz tizimi orqali sharbat sifatida va gullash davrida bargiga preparatdan suspenziya ko‘rinishida purkash orqali oziqlantirish taklif qilingan. Shuningdek, o‘simlik poyalari baquvvat, ildizlari mutahkam, stress holatiga chidamli bo‘lib rivojlanadi va natijada hosildorlik oshadi.