O’zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori Azamat Ziyo va Anqara Yeldirim Boyazid universiteti rektori Ibrohim Aydinli oʻrtasida hamkorlik uchrashuv boʻlib oʻtdi. Samimiy muloqot davomida Tarix instituti direktori Azamat Ziyo so‘nggi yillarda yurtimizda ilm-fanga berilayotgan e’tibor, Fanlar akademiyasida olimlarga yaratilgan sharoitlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, O‘zbekiston-Turkiya o‘rtasidagi aloqalar tobora rivojlanib borayotganligi, bu o‘zgarishlarni ta’lim sohasida ham ko‘rish mumkinligini ta’kidladi. Bugungi kunda ikki davlatning ilmiy tadqiqot muassasalarining xalqaro darajadagi hamkorliklari yoshlarni malakali kadr sifatida kamol topishiga xizmat qilishini qayd etdi. Uchrashuvda koʻpgina masalalar yuzasidan yangi kelishuvlar amalga oshirildi. Bu yil boʻladigan ilmiy anjumanlar, turli uchrashuvlar va yoshlarning yozgi oʻqishlari boʻyicha hamkorlik masalalari kelishib olindi.