“Tilning oliy qadriyat sifatida shakllanishida “Davlat tili haqida”gi Qonunning oʼrni" mavzusida matbuot anjumani oʼtkazildi

Joriy yil 15-sentyabr kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Аdministratsiyasi huzuridagi Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O’zR FА Oʼzbek tili, adabiyoti va folklori instituti tomonidan “Tilning oliy qadriyat sifatida shakllanishida “Davlat tili haqida”gi Qonunning oʼrni" mavzusida matbuot anjumani oʼtkazildi.

Unda FА Oʼzbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori Nizomiddin Mahmudov hamda tilshunos olimlar Durdona Xudoyberganova, Yorkinjon Odilov, Shuhrat Koʼchimovlar Institutda olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdilar.

 

Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-martdagi “Oʼzbek tili va adabiyoti boʼyicha fundamental va amaliy tadqiqotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qaroriga ilova qilingan chora-tadbirlar rejasida Institut ilmiy xodimlari 2020 – 2022 yillarda “Davlat tilida ish yuritish”, “Xalqaro terminelementlarning izohli-koʼrgazmali lugʼati”, “Ijtimoiy-siyosiy terminlarning izohli lugʼati”, “Oʼzbek tili sinonimlarining katta izohli lugʼati”, “Oʼzbek tili frazeologizmlarining katta izohli lugʼati”ini yaratishi belgilangan.

Ushbu vazifalardan kelib chiqqan holda shu yil 24-iyunda “Oʼzbek tilining izohli lugʼati”ning yangi nashri taqdimoti o’tkazildi va lugʼat jamoatchilik tomonidan intiq kutib olindi. Kuni kecha “Davlat tilida ish yuritish” amaliy qoʼllanmasining 9-nashri taqdimoti boʼlib oʼtdi. Shuningdek, “Xalqaro terminelementlarning izohli-koʼrgazmali lugʼati” ham tayyorlanib, nashriyotga topshirildi. Аyni vaqtda Institut tilshunoslari “Oʼzbek tilining izohli lugʼati”, “Davlat tilida ish yuritish” amaliy qoʼllanmasining lotin yozuvidagi toʼldirilgan, takomillashtirilgan nashrini, lotin yozuviga asoslangan katta imlo lugʼati hamda ixcham oʼquv lugʼatini tayyorlanmoqdalar.