Shahlo Turdikulova Butunjahon fanlar akademiyasining aʼzosi etib saylandi

 

 

 

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Shahlo Turdikulova Butunjahon fanlar akademiyasi (TWAS) aʼzosi etib saylandi. Olima bu yilgi saylovlarda MDH va Markaziy Osiyodan yagona vakil boʻldi. O‘zbekiston tarixida bu nufuzli Akademiyaga saylangan yettinchi akademik olim sifatida e’tirof etildi.

Butunjahon fanlar akademiyasi prezidenti, professor Quarraysha Abdul Karimning shaxsan o‘zi Shahlo Turdikulovani tabriklab, uni Diplom topshirish marosimiga taklif qildi:

 

“Hurmatli professor Turdikulova, Sizni 2025-yil 1-yanvardan boshlab Jahon Fanlar Akademiyasi (TWAS) aʼzoligiga saylaganligingizni maʼlum qilishdan mamnunmiz.

Sizni chin yurakdan tabriklashga ijozat bering. Sizning saylanishingiz ilm-fanga qo‘shgan ulkan hissangiz va uning rivojlanayotgan mamlakatlardagi taraqqiyotining yaqqol e’tirofidir. Sizni a'zolarimiz qatorida ekanligingizdan faxrlanamiz!"

 

O‘tgan saylovda jami 74 nafar olimlar (50 nafar erkak va 24 nafar ayol) saylanib, TWAS akademiklarining umumiy soni 1444 nafarga yetdi. Akademiklikka diplom topshirish marosimi 2025-yil boshida Italiyaning Triest shahridagi Akademiya bosh qarorgohida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Eslatib oʻtamiz, Shahlo Utkurovna COVID-19 ga qarshi Oʻzbekiston-Xitoy vaksinasining hammuallifi, Oʻzbekistonda nashrlar soni boʻyicha eng yuqori impakt-faktorga ega, shuningdek, Nature jurnalida maqolalari uch marta chop etilgan mamlakatimizdagi  yagona olimadir. U 2024-yil aprel oyida Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti etib tayinlandi va tashkilotning 80 yillik tarixida ushbu lavozimni egallagan birinchi ayol bo‘ldi. Sh. Turdikulova shuningdek, Ilg‘or texnologiyalar markazi qoshidagi inson genetikasi va biotexnologiyalari ilmiy maktabining asoschisi va rahbari hisoblanadi.

 

Shahlo Turdikulovaning Butunjahon fanlar akademiyasiga a’zo etib saylangani O‘zbekiston ilmiy salohiyatini yuksaltirish, jahon ilm-faniga qo‘shayotgan hissasi ortib borayotganini namoyish etishda muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

 

Saylov natijalarini quyidagi havola orqali ham ko‘rishingiz mumkin https://twas.org/article/twas-names-2025-class-fellows.