OʼzR FА Umumiy va noorganik kimyo instituti ilmiy xodimi, prof. F.Yusupov rahbarligida sanoat korxonalari chiqindi va aylanma suvlarini yumshatish va tozalash uchun linoleum chiqindisi (PVX) asosida sorbent yaratildi. Olimlarimiz tomonidan 100 kg sorbent sintez qilindi va sanoat sinovi oʼtkazish uchun pilot qurilmasi texnologiyasi ishlab chiqildi.
Ushbu qurilmaga sintez qilingan sorbent solinib chiqindi suv tozalandi va ijobiy natijalar olindi. Xususan, suv tarkibidagi Ca2+, Mg2+, Fe3+, Fe2+ NO3-, SO42-, Cl- kabi ionlarining kontsentratsiyasi bir necha barobar kamaytirildi. Sorbent yordamida aylanma suv qattiqligi 16 mg-ekv/l dan 1 mg-ekv/l gacha tushgani aniqlandi. Shuningdek, sorbent regeneratsiyasi “Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi”da ishlab chiqarilgan arzon va mahalliy tuz yordamida bajarilishi ham jarayonning iqtisodiy samaradorligini yanada oshiradi.
Ushbu suvlarni tozalash maqsadida zavod mutaxassislari bilan hamkorlikda “Muborak gazni qayta ishlash zavodi”da sanoat sinovi oʼtkazish uchun pilot qurilmasi yaratildi.
Sanoat chiqindi suvlarni tozalash va ishlab chiqarish uchun qaytarish dolzarb muammolardan biridir. Jumladan, “Muborak gazni qayta ishlash zavodi” ishlab chiqarishdagi suvlardan bir kunda 6 000 m3 chiqindi suv hosil boʼladi.
Issiqlik almashinish qurilmalarida ogʼir tuzlardan tozalangan va qattiqligi bir necha barobar kamaytirilgan suv ishlatilishi qurilma quvurlarining ichki qismida tuz qatlami hosil boʼlishining oldini oladi, natijada ushbu qurilmalarning ishlash umri uzayadi va issiqlik energiyasini samarasiz sarflanishining oldi olinadi.