2019-yil sentabr oyida O‘zR FA Arxeologik tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘I, t.f.d., arxeolog A.Anarbayev rahbarligidagi “Axsikent kompleks ekspeditsiyasi” arxeologlarining u yerda olib borayotgan arxeologik qazuv tadqiqotlari davomida Qoraxoniylar davri (XI asr -XIII asr boshlari) ga oid qatlamlardan devoriy surat qoldiqlari va ganchdan tayyorlangan o‘yma naqsh qismlari topildi. Mazkur kashfiyot Farg‘ona vodiysi tarixidagi uzoq yillardan buyon baxslarga sabab bo‘lib kelayotgan bir qancha savollarga javob berdi. Zero, shu bugungi kungacha Farg‘ona vodiysida olib borilgan tadqiqotlar davomida devoriy surat qoldiqlari qayd etilmagan. Ushbu topilma Farg‘ona vodiysida devoriy san’at an’anasining rivojlanganligini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda Qoraxoniylar davriga oid devoriy suratlar Afrosiyob yodgorligi arkida joylashgan saroy qoldiqlarini o‘rganish jarayonida topilgan bo‘lib, ulardan shu davr kishilarining turmush tarzi, dunyo qarashlari haqida ma’lumot olish mumkin. Axsikent devoriy suratlari ham Farg‘ona vodiysi aholisining XI-XIII asr boshlari ijtimoiy-iqtisodiy hayoti haqida yangi ma’lumotlar berishi kutilmoqda.
Axsikent devoriy surat qoldiqlari va ganch o‘ymakor naqshlari yodgorlikning birinchi shahristonida joylashgan 18A va 11 qazishmalarida o‘rganilayotgan turar-joy qoldiqlari xonalarida topilib, hozircha ularda o‘simlik va geometrik tasvirlar har xil bo‘yoqlar bilan chizilganligi, ularning ayrimlarini asosida ganchga o‘yma naqsh aks etganligi qayd etildi.