Qanqa yodgorligida XI-XII va VII-VIII asrlarga oid mahobatli inshoot qoldiqlari ochildi

O‘zR FА Milliy arxeologiya markazi Qanqa kompleks ekspeditsiyasining 2022-yilda Toshkent vohasining eng yirik shaharlaridan bo‘lgan Qanqa yodgorligida olib borgan arxeologik izlanishlari davomida Toshkent vohasining o‘rta asrlar tarixiga oid yangi maʼlumotlar qo‘lga kiritildi. Jumladan, XI-XII asrlar bilan davrlashtirilgan uzunligi 12 metr, kengligi 6.30 m boʼlgan katta zal ochilib, zalning kirish qismi poli pishiq g‘ishtlar bilan terilgan. Zalning yon devorlari qalinligi 1.30 m kenglikda ekanligi uning mahobatli inshootligidan dalolat.

  

Zalning janubiy-g‘arbiy burchagida yon devorlari ham pishiq g‘isht bilan qoplangan maxsus joy qilingan bo‘lib, kuchli olov natijasida kuyganligi bu yerda yog‘ochdan ishlangan peshtoq ham mavjud bo‘lganligini ko‘rsatadi. Mazkur joyda yong‘in natijasida peshtoqdan qulab tushgan yirik yog‘och qoldiqlari ham olinib, ularning saqlanganlari sinchiklab o‘rganilganda yuza qismlari oʼyma naqshlar bilan bezalganligi qayd etildi.

Qazuv ishlari davomida shuningdek, o‘rta asr qatlamlari ostida ilk o‘rta asrlarga oid bo‘lgan yana bir yirik inshoot qoldiqlari ochildi. Inshootning Qanqa yodgorligining ilk oʼrta asrlarga tegishli ibodatxona sharqiy tarafida joylashganligi ushbu yirik qurilish qoldiqlari ibodatxona bilan bevosita bog‘liq boʼlishi mumkinligi haqida xulosalar qilishga imkon beradi.

2022-yil dala qazuv tadqiqotlari yakunlandi. Yuqoridagi fikrlar dastlabki tadqiqot natijalari xulosalari bo‘lib, taqdim etilgan maʼlumotlar qayta ishlangach, to‘liq yakuniy xulosalar beriladi.