Paleoseysmologiya va arxeoseysmologiya ilmiy yoʼnalishi rivoji yoʼlida

Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya institutiga Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti Yer boʼyicha fanlar fakulteti professori R.Uolker va Аrxeologiya fakulteti tadqiqotchisi P.Vordstvor tashrif buyurdi va Seysmologiya instituti, Milliy arxeologiya markazi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari ishtirokida seminar tashkil etildi.

 

Mazkur tashrifdan koʼzlangan maqsad seysmologiya fani tarkibiga kiruvchi paleoseysmologiya va arxeoseysmologiya ilmiy yoʼnalishi boʼyicha ilmiy hamkorlikni yoʼlga qoʼyish.

Maʼlumki, Oksford universiteti dunyo miqyosidagi eng nufuzli universitet va ilmiy tadqiqotlar markazi ekanligi jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilgan.

Buyuk Britaniya hamda Oʼzbekiston Respublikasi oʼrtasida koʼp tomonlama iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalar hamda ilmiy hamkorlikni rivojlantirish borasida keng koʼlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Аlbatta, jahon tajribasiga ega boʼlgan Oksford universitetining ilmiy yutuqlarini Oʼzbekiston sharoitida qoʼllash, Fanlar akademiyasining ilmiy sohasiga joriy etish, kelajakda bu tadqiqotlarni Markaziy Osiyo boʼyicha ommalashtirish, nufuzli jurnallarda tadqiqot natijalarini yoritish hamda hamkorlikda xalqaro loyihalarni bajarish uchun asos boʼlib xizmat qiladi.

Tashrif yakunida Oksford universiteti bilan Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari oʼrtasida seysmologiya, arxeologiya va tarix sohalari boʼyicha ilmiy hamkorlikni yoʼlga qoʼyish, muassasalar oʼrtasida hamkorlik memorandumini imzolash maqsad qilingan.

Maʼlumot oʼrnida: Oksford universitetining yer haqidagi fanlar fakulteti professori Richard Uoker va Аreologiya fakulteti tadqiqotchisi Pol Vordstvortlar tashrifi davomida OʼzR Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti bilan birgalikda Toshkent viloyatining Oqqoʼrgʼon tumanida joylashgan Qanqa qishlogʼi, Jizzax va Samarqand viloyatlariga tashrif buyurib, bir necha yuz yillar oldin yuz bergan zilzilalar oʼrnini oʼrganish va kelajakda seysmik xavfning oldini olish boʼyicha tavsiyalar ishlab chiqish, shuningdek, olib boriladigan tadqiqotlar boʼyicha qoʼshma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashish, Samarqand davlat universitetida arxeologiya va tarix sohalarida ilmiy hamkorlikni yoʼlga qoʼyish boʼyicha fikr almashish rejalashtirilgan.