Xitoy Fanlar akademiyasining Shinjon Ekologiya va Geografiya institutida “Bioxilma-xillikni muhofaza qilish va qurgʼoqchil hududlarni barqaror rivojlantirish” mavzusida xalqaro simpozium boʼlib oʼtdi. Unda Yevropa, Аfrika, Osiyo mamlakatlarining yirik olimlari hamda YuNESKO, Bioxilma-xillik boʼyicha konventsiya kotibiyati (Kanada), Xitoy atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi, Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti vakillari ishtirok etishdi.
Simpoziumda OʼzR FА Botanika instituti direktori D.Dehqonov “Oʼzbekistonda bioxilma-xillikni muhofaza qilishning asoslari va zamonaviy tadqiqotlar” mavzusida maʼruza qildi. Unda Davlatimiz Rahbari Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi, BMT Bosh Аssambleyasining 75-76-sessiyalarida bildirilgan takliflari hamda Botanika instituti tomonidan bioxilma-xillikni muhofaza qilish boʼyicha amalga oshirilayotgan ishlar va zamonaviy tadqiqotlar boʼyicha taqdimot qilindi.
Soha olimlari va ishtirokchi tashkilot vakillarida atrof-muhit va bioxilma-xillikni muhofaza qilish borasidagi yurtimizda olib borilayotgan ishlar katta taassurot va qiziqish uygʼotdi hamda navbatdagi xalqaro simpoziumni Fanlar akademiyasi Botanika institutida oʼtkazish boʼyicha takliflar berildi.