2021-yil 20-may kuni Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Materialshunoslik institutida "Yangi materiallar va geliotexnologiyalar" mavzusida Xalqaro ilmiy konferensiyasini oʼz ishini boshladi.
Konferensiyaning maqsadi yangi materiallar, geliotexnologiyalar va qayta tiklanadigan energiya manbalarini yaratish, takomillashtirish va ulardan foydalanish masalalarini tahlil qilish, muhokama etish va ilmiy asoslangan tavsiyalarni ishlab chiqishdan iboratdir.
Konferensiya ishida xususiyatlari oldindan belgilangan koʼp funksional materiallarni yaratish, ushbu materiallardan mahsulot ishlab chiqarishning ilgʼor texnologiyalari, shuningdek, geliotexnologiyalar va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan amaliy foydalanish masalalariga bagʼishlangan AQSh, Germaniya, Frantsiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Belorussiya va Oʼzbekiston olimlarining ilmiy maʼruzalari tinglanmoqda.
Konferensiya doirasida Oʼzbekistonda birinchi marta tashkil etilayotgan "Yashil texnologiyalar vodiysi" ilmiy-texnologik Konsortsiumining taqdimoti oʼtkazildi va uning asosiy maqsadi vodorod energetikasi texnologiyalari, karbon tolalarini olish usullari, oʼta oʼtkazuvchan materiallar va xususiyatlari oldindan belgilangan materiallar sohasida ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish, sinash, sanoat-tajriba sinovlarini oʼtkazish boʼyicha hamkorlikdagi mega-loyihalarni amalga oshirishdir.
Konsortsium Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va "Oʼzkimyosanoat" AJ tashabbusi bilan tashkil etilmoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Materialshunoslik instituti, Yadro fizikasi instituti, Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti hamda Fizika-texnika institutlari, I.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Ilgʼor texnologiyalar markazi, Toshkentdagi Turin politexnika universiteti Konsortsium ishtirokchilaridir. Shu bilan birga, Konsortsium tarkibiga kirish uchun qiziqqan boshqa ilmiy markazlar ham taklif etiladi.
Shuningdek, taqdimot doirasida ishtirokchilar uchun Institut bo'ylab press-tur ham tashkil etildi hamda olimlar tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy ishlanmalar bilan yaqindan tanishtirildi.