Joriy yil 30-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga Xitoy Fanlar akademiyasi Kunmin Botanika instituti direktori, prof. Sun Hang hamda direktor o‘rinbosari Tao Deng tashrif buyurdi. Mehmonlar dastlab O‘zR FA Botanika institutida Ilmiy kengashning tantanali yig‘ilishida ishtirok etishdi. Unda O‘zR FA Botanika instituti direktori, akademik Komiljon Tojiboyev, O‘zR FA vitse-prezidenti, akademik Baxtiyor Ibragimovlar so‘zga chiqishdi. So‘ngra O‘zR FA Botanika institutining xalqaro nufuzini oshirishda, moddiy-texnik bazasini mustahkamlashda va rivojlantirishda qo‘shgan hissasi uchun prof. Sun Hangga O‘zR FA Botanika instituti faxriy professori unvoni berildi.
Shundan so‘ng mehmonlar O‘zR FA Toshkent Botanika bog‘iga tashrif buyurib, Global Allium Garden 2019-yil mavsumini tantanali ochib berdilar.
Ushbu yovvoyi piyozlar bog‘i O‘zbekiston-Xitoy Global Allium Garden (Toshkent markazi) Butunjahon yovvoyi piyoz turlarini o‘rganish va saqlab qolish dasturi doirasida 2018-yilda tashkil etilgan. Global Allium Gardenning birinchisi Xitoyning Yunnan provinsiyasidagi Kunmin shahridagi Kunmin Botanika bog‘ida (Kunmin markazi) hamda ikkinchisi O‘zR FA Toshkent Botanika bog‘ida (Toshkent markazi) ochilgan. Ushbu markazlar Xitoy va O‘zbekistonda tashkil etilgan bo‘lib, dunyoda yagona hisoblanadi. Bu markazlar biologik xilma-xillikni o‘rganish borasida O‘zbekiston-Xitoy xalqaro ilmiy aloqalarining natijasi bo‘lib, Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyo tabiiy landshaftlari yovvoyi piyoz turlari noyob genofondini saqlab qolish borasida global ahamiyatga ega bo‘lgan hududlar ekanligi bilan izohlanadi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston-Xitoy Global Allium Garden Toshkent markazida O‘rta Osiyo, Eron, Afg‘oniston, Kavkaz va O‘rta yer dengizidan keltirilgan yovvoyi piyozlarining 120 dan ortiq turlari to‘plangan.
Shuningdek, xitoylik mehmonlar O‘zR FA prezidenti Behzod Yuldashev bilan ham uchrashdilar. Uchrashuv va muzokaralar davomida har ikki Toshkent va Kunmin piyoz markazlarini rivojlantirish, O‘zbek-Xitoy qo‘shma laboratoriyalari zaminida olib borilayotgan tadqiqotlarning sifatini oshirish, O‘zR FA Botanika instituti yosh ilmiy xodimlarini Kunmin Botanika institutida malaka oshirishlarini tashkil etish, Markaziy Osiyo va Janubi-g‘arbiy Osiyoning baland tog‘ mintaqalariga qo‘shma ekspeditsiyalar tashkil etish, “O‘zbekiston florasi”ning 10 jildini ingliz tilida chop etish, “Tree of live Uzbekistan” loyihasini hamkorlikda amalga oshirish masalalari kelishib olindi.