O'zbekiston Respublikasining “O'zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta'minlash to'g'risida”gi qonuni loyihasi Fanlar akademiyasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 iyuldagi “O'zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta'minlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-4794-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.
Mamlakatimizning 78 % yer maydoni seysmik faol hududlarda joylashgan bo'lib, MSK – 64 shkalasi bo'yicha 6 va undan yuqori ballik yer silkinishlari doimiy ravishda sodir bo'lishi kuzatiladi.
Shu sababli, mamlakatimiz aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta'minlashning qonuniy asoslarini takomillashtirish, mas'ul davlat organlarining bu boradagi vakolatlarini belgilash hamda kuchli zilzilalarga tayyorgarlik ko'rish, ularning oqibatlarini bartaraf etishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish zarurati mavjud.
Qonun loyihasi bilan Davlat organlarining seysmik xavfsizlikni ta'minlash borasidagi asosiy vazifalari belgilanmoqda.
Zilzilalarning sodir bo'lish ehtimolini aniqlash tartibi belgilanmoqda, unga muvofiq seysmik stansiyalarda o'tkaziladigan kuzatuvlar bo'yicha prognoz natijalari har hafta idoralararo ekspert komissiyasi tomonidan tahlil qilinadi va sodir bo'lishi mumkin bo'lgan seysmik vaziyat haqidagi xulosalar Vazirlar Mahkamasiga yuboriladi.
Kuchli zilzila oqibatlarini bartaraf etish doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda;
Kuchli zilzilalar natijasida zarar ko'rgan obyektlarni tiklash Davlat byudjeti, xalqaro moliya institutlari mablag'lari va boshqa taqiqlanmagan manbalar hisobidan amalga oshirilishi, fuqarolarning seysmik xavfsizlikni ta'minlash sohasidagi huquqlari va majburiyatlari belgilanmoqda.
Qonun loyihasi Xitoy, AQSh, Yaponiya, Rossiya, Armaniston, Tojikiston mamlakatlari qonunchiligi, shu jumladan ushbu sohada qabul qilingan davlat dasturlarini o'rganish, tahlil qilish hamda respublika hududining seysmik sharoitlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.
Qonun loyihasini qabul qilish quyidagi imkoniyatlarni yaratadi:
respublika aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta'minlashning iqtisodiy va huquqiy asoslari shakllantiriladi;
respublika aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta'minlashning sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, amaldagi qonunchilikdagi bo'shliqlarni bartaraf etish va huquqiy tartibga solishning zarur darajasini ta'minlash uchun samarali me'yoriy-huquqiy baza yaratiladi.
Shuningdek, qonunning qabul qilinishi ijtimoiy-iqtisodiy samaralarga olib keladi (aholi va hududlarning seysmik xavfsizligi ta'minlash darajasi yangi bosqichga chiqadi, sohani uzviy rivojlanishi ta'minlanadi, seysmik mustahkam bino va inshootlarni qurilishi sifati nazoratga olinadi).