Bugun 2022-yil 15-noyabr kuni boʻlib oʻtgan forum doirasida “Springer Nature” kompaniyasining strategiyasi, Oʻzbekiston bilan hamkorlikning maqsad va vazifalari koʻrib chiqildi. “Springer Nature” nashrining Oʻzbekistondagi foydalanuvchilari statistikasi eʼlon qilindi. Umuman olganda bu kabi nashrlarda oʻzbek olimlarining ilmiy tadqiqotlari yuzasidan yozayotgan salmoqli materiallari eʼlon qilinishi Oʻzbekiston ilm fani taraqqiyoti mezoni hisoblanadi. Mazkur forum yakunida “Springer Nature” nashrlarida Oʻzbekistonning eng koʻp maqola nashr etgan 5 nafar olimlari va nashriyotning ilmiy resurslaridan foydalanish boʻyicha eng faol 10 ta ilmiy tashkilotning taqdirlash marosimi boʻldi.
Unga koʻra Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Bexzod Yuldashev, Matematika instituti professori Ravshan Ashurovlar eng koʻp maqolalari nashr etilgan olimlar sifatida, Fanlar akademiyasining Astronomiya instituti, Bioorganik kimyo instituti, Oʻsimlik moddalar kimyosi instituti ilmiy resurslardan foydalanishda eng faol boʻlgan ilmiy tadqiqot institutlari sifatida eʼtirof etildi.