O’zbek olimasi akademik Tamara O’ktamovna Aripova Rossiya Federasiyasining “Tibbiy genetikaga qo’shgan ulkan hissasi uchun” oltin medal bilan taqdirlandi

Hozirgi kunda tibbiy genetika zamonaviy tibbiyotning eng rivojlanib borayotgan sohalaridan biri hisoblanadi. Bu sohada dunyoning rivojlangan markazlari o’zlarining ilmiy izlanishlarini davom ettirishmoqda va ko’plab tadqiqotlar olib borishmoqda. Jumladan, yurtimizda ham ushbu soha bilan Immunologiya va inson genomikasi instituti ilmiy-amaliy faoliyat olib bormoqda. Ushbu sohada erishilgan yutuqlar, yangiliklarni hisobga olgan holda Rossiyaning “Akademik N.P.Bochkov nomidagi tibbiy genetik tadqiqotlar markazi” Federal davlat byudjetli ilmiy muassasasi tomonidan tashkil etilgan va yilida bir kishi taqdirlanadigan “Tibbiy genetikaga qo’shgan ulkan hissasi uchun” oldin medal bilan akademik T.U.Aripova taqdirlanganligi bu katta yangilik va quvonchli xabar bo’ldi. Ushbu oltin medal MDH va Rossiyaning eng yetakchi tibbiy genetika markazi hisoblanadigan “Akademik N.P.Bochkov nomidagi tibbiy genetik tadqiqotlar markazi” Federal davlat byudjetli ilmiy muassasasi tomonidan 2017 yilda ta’sis etilgan bo’lib, ushbu sohaga ulkan hissa qo’shgan, o’zining ilmiy yanligiligiga ega bo’lgan olimga topshiriladi. Ta’kilab o’tish joizki, ushbu oltin medalga shu vaqtgacha faqatgina Rossiya olimlari  sazovor bo’lgan bo`lsa, bu safar MDH davlatlari orasida birinchilardan bo’lib o’zbek olimasiga topshirilishi katta sharaf tuyg’usini uyg’otadi. 

 

Akademik Tamara O’ktamovna immunologiya va immunogenetika, tibbiy genetika sohalari bo`yicha yirik mutaxassisdir, Respublika va undan tashqaridagi ilmiy jamoalarda katta xurmatga ega olima hisoblanadi. Tamara Aripovaning aynan tibbiy genetikaga qo’shgan xissasi shundan iboratki, ularning tahriri ostida O’zbekiston Respublikasi aholisining immun statusi xaritasi, immunologik va genetik pasportlari ishlab chiqilgan. Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Rossiya, Kirg’iziston mamlakatlari olimlari bilan birgalikda Markaziy Osiyo va Kavkaz orti xalqlarining populyatsion-genetik kelib chiqishi bo’yicha tadqiqotlar olib borgan. Shuningdek, Markaziy Osiyoda birinchi marotaba Yevroittifoqning 7-ramka dasturi doirasidagi “Markaziy Osiyo va Yevropa populyatsiyalarida preeklampsiyaning genetik tadqiqotlari” nomli xalqaro grant yutib, tibbiy genetika sohasini yanada rivojlantirgan. Hozirgi kunda akademik boshchiligidagi jamoa tibbiy genetika sohasida orfan kasalliklar, tug’ma nuqsonli patologiyalarni erta aniqlashning genetik usullarini ishlab chiqish bo’yicha o’zlarining tadqiqotlar olib borishmoqda. Fanlar akademiyasining katta jamoasi nomidan Tamara O'ktamovnani  ushbu mukofot bilan muborokbod etamiz!