Nazarov Baxtiyor Aminovich 1945-yil 17-sentyabrida Toshkent shahrida tugʼilgan. 1966-yili Toshkent davlat universitetini (hozirgi Oʼzbekiston Milliy universiteti) tugatib, mehnat faoliyatini maktab oʼqituvchiligidan boshlagan, keyinchalik Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti (hozirgi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti) aspiranturasida tahsil olgan. 1972-yilda nomzodlik, 1984-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2000-yilda Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylandi.
Isteʼdodli olim oʼzining 55 yillik ilmiy pedagogik va tashkilotchilik faoliyati davomida Oʼzbekiston entsiklopediyasi tahririyati muharriri, Fanlar akademiyasi Til va adabiyoti instituti kichik, katta ilmiy xodimi, ilmiy kotibi, Fanlar akademiyasi ijtimoiy-gumanitar fanlar boʼlimi ilmiy kotibi, bosh ilmiy kotib oʼrinbosari, Til va adabiyot instituti direktori, boʼlim mudiri, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat maslahatchisi, Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vaziri birinchi oʼrinbosari, Fanlar akademiyasi prezidenti maslahatchisi, umrining oxirigacha O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti bosh ilmiy xodimi lavozimlarida samarali mehnat qilib, yurtimizda oʼzbek adabiy tanqidchiligining ilmiy asoslarini yaratish sohasidagi chuqur fundamental tadqiqotlarni olib bordi va yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qoʼshdi.
Uning XX asr oʼzbek adabiyoti va hozirgi adabiy jarayonni adabiy tanqidchilik nuqtai nazaridan tahlil va tadqiq etgan ilmiy ishlari bugungi oʼzbek adabiyotining badiiy saviyasini baholashda oʼziga xos oʼrin tutadi.
U 20 ga yaqin monografiya va risolalari, 200 dan ortiq ilmiy maqolalarida XX asr oʼzbek adabiyoti va tanqidchiligining asosiy taraqqiyot tamoyillari tadqiq etilgan. Oliy va oʼrta taʼlim tizimi uchun hammualliflikda yaratilgan 10 ga yaqin oʼquv qoʼllanmalari va darsliklari adabiyotshunoslik sohasidagi bugungi taʼlim tizimining yetakchi namunalari hisoblanadi. Аyniqsa, uning bevosita rahbarligida 2012-yilda kirill va 2013-yilda lotin yozuvlarida chop etilgan “XX asr oʼzbek adabiy tanqidchiligi” darsligi oliy taʼlim tizimi uchun ushbu sohada yaratilgan ilk darslik ekanligi bilan eʼtiborga sazovordir.
Jonkuyar ustoz sifatida koʼplab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan zahmatkash olimning bevosita rahbarligida 10 ta fan doktori va 25 ga yaqin fan nomzodlarini tayyorlagan.
Аkademik B.Nazarovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U Oʼzbekiston Respublikasi fan arbobi faxriy unvoniga sazovor boʼlgan edi.
Аtoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Baxtiyor Nazarovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.