Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʼzbek tili, adabiyoti va folklori institutida akademik Toʼra Mirzayev tavalludining 85 yilligi munosabati bilan “Oʼzbek folklorshunosligining dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman oʼtkazildi.
Аnjumanda Institut xodimlari, respublikamiz va xorijiy davlatlardan yetakchi folklorshunos olimlar, yosh tadqiqotchilar, doktorantlar ishtirok etdi.
Аnjumanga folklorshunoslikdagi yangi qarashlar, Toʼra Mirzayevning ilmiy maktabini folklorshunoslik nuqtai nazaridan ilmiy tadqiq etish, olimning folklorshunoslikka qoʼshgan ulkan hissasi va yutuqlari haqidagi bir-biridan qiziqarli maʼruzalar taqdim etildi.
Аnjuman yakunida Toʼra Mirzayev tavalludining 85 yilligi munosabati bilan OʼzR FА Oʼzbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Аlisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi hamda Oʼzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti hamkorligida nashr etilgan “Ustozlar, safdoshlar, izdoshlar” va “Eʼtiqod va soflik ovozi” nomli toʼplamlar taqdimoti ham oʼtkazildi.
“Ustozlar, safdoshlar, izdoshlar” toʼplamdagi maqolalarda folklorshunos olim Toʼra Mirzayev tomonidan bir qator marhum folklorshunoslarning hayoti va ilmiy faoliyati yoritib berilgan. Shuningdek, safdoshlar hamda izdoshlarga bagʼishlangan maqolalar oʼrin olgan. Unga folklorshunoslik bilan bogʼliq boʼlgan ayrim tilshunoslar, adabiyotshunoslar toʼgʼrisidagi maqolalar ham kiritilgan. Ularning har biri portret-maqola xarakteriga ega boʼlib, yaxlit olganda, oʼzbek folklorshunosligining fanning yangi sohasi sifatida shakllanishi va uning XX1 asrdagi taraqqiyoti toʼgʼrisida muayyan bir tasavvur bera oladi.
“Eʼtiqod va soflik ovozi” nomli toʼplamda akademik Toʼra Mirzayev xotirasiga bagʼishlangan maqolalar, ilmiy maqolalar, sheʼrlar hamda olimning “Bibliografik koʼrsatkichi” joy olgan. Toʼplamga respublikamizdagi ijod ahlidan tashqari, Toʼra Mirzayevni yaqindan bilgan Germaniya, Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʼiston, Qirgʼiziston olimlarining ham maqolalari kiritilgan.