Orol dengizi mintaqasidagi o'simliklar dunyosini o'rganish

O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti "Cho'llashish jarayonida Ustyurtning o'simlik va hayvonot olami rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari" loyihasi doirasida Orol dengizi qurishi bilan vujudga kelgan iqlim o'zgarishi sharoitida Ustyurt o'simliklar qoplamida yuz berayotgan dinamik jarayonlar hamda o'simliklarning ekstremal sharoitlarga moslashish strategiyasini o'rganmoqda. Matematik modellashtirish usullari va biologik xilma-xillik indekslari asosida Ustyurt o'simliklari qoplamida yuzaga kelishi mumkin bo'lgan o'zgarishlar va kelajakda turli iqlim sharoitlarining o'simliklar kamyob turlari tarqalishiga ta'siri bo'yicha prognozlar o'rganilmoqda. 

  

Orol dengizi suv sathining pasayishi va o'simliklarning shakllanishi o'rtasida korrelyatsiya aniglandi va "Orol dengizining g'arbiy qurigan qismi o'simliklari xaritasi" ishlab chiqildi. Shuningdek, olingan ma'lumotlar asosida Ustyurt platosi qoraqalpoq qismining NDVI xaritasi tayyorlandi, o'simliklarning qurg'oqchilikka moslashuvi mexanizmlari aniqlandi va Ustyurtning kamyob o'simlik turlarining populyatsion holati baholandi.

Shuningdek, Xitoy Fanlar akademiyasining Shinjon ekologiya va geografiya instituti bilan birgalikda O'zR FA Botanika instituti "O'rta Osiyodagi sho'r va ishqorli yerlarning ekologik meliorativ usullarini tadqiq qilish va har tomonlama namoyish etish" xalqaro ilmiy loyihasini amalga oshirmoqda. Sho'rlangan ishqorli yerlarning muhim mintaqalarida o'simliklarni qayta tiklash texnologiyalari va modellari ishlab chiqiladi, shuningdek, O'rta Osiyoda sho'rlangan ishqorli yerlarni boshqarish asoslari yaratiladi.

  

Bundan tashqari, XXR FA ilmiy-tadqiqot institutlari bilan birgalikda yana bir xalqaro ilmiy loyihani "Orol dengizida cho'llanishning oldini olish va mahalliylashtirish choralari"ni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Loyiha salbiy ekologik omillarning biologik xilma-xillikka ta'sirining oldini olish va Orol dengizi ekotizimlarining yemirilishini kuzatish maqsadida Orol dengizining qurigan qismini rayonlashtirishga yo'naltirilgan.