2020-yil 1-aprel kuni kun.uz da “Oʼzbekistonda yaratilgan preparat koronavirusni toʼxtatishi ehtimoli mavjud – Fanlar akademiyasi tadqiqotchisi” nomli maqola chop etildi.
Maqola muallifi Naima Аliqulova hozirda Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʼzbek tili, adabiyoti va folklori institutida mustaqil-izlanuvchi sifatida roʼyxatdan oʼtgan, uning asosiy joyi Islom akademiyasi akademik litseyi hisoblanadi. Raxima Ochilova OʼzR FА Oʼsimlik moddalari kimyosi institutida 2004 – 2006-yillarda laborant boʼlib ishlagan.
OʼzR FА Oʼsimlik moddalari kimyosi instituti maʼlumotiga koʼra, maqolada keltirilgan “Quvatin” va “Noglyukin” biofaol moddalarining ipak qurti pillasidan ajratib olish texnologiyasi Institut xodimlari tomonidan ishlab chiqilgan. Ushbu biofaol qoʼshimchalar sport tibbiyoti uchun moʼljallangan va hech qachon virusga qarshi taʼsiri tekshirilmagan.
Shuningdek, “Siritsin” preparati diabet kasalligi uchun biofaol qoʼshimcha sifatida ishlatilgan.
Maʼlumot oʼrnida aytib oʼtish lozimki, har bir yaratilgan dori vositasi belgilangan reglamentlar asosida sinovdan oʼtkaziladi va u bilan bogʼliq jarayonlar “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʼgʼrisida”gi (2016-yil 4-yanvar, OʼRQ-399-son) Qonunga (http://lex.uz/docs/2856464) muvofiq amalga oshiriladi.
OʼzR FА Аxborot xizmati.