Muhim mavzu: bino va inshootlar seysmik mustahkamligi va uni taʼminlash masalalariga bagʼishlangan xalqaro konferensiya

Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutida bino va inshootlarning zilzilabardoshligi, global isish sharoitida infratuzilmalarning ishonchliligini oshirishning dolzarb muammolariga bag’ishlangan 2 kunlik xalqaro konferensiya oʼtkazildi.

 Koferensiya АQShning Oʼzbekistondagi elchixonasi, Xalqaro taʼlim boʼyicha Аmerika Kengashi, Berkli shahridagi Kaliforniya universiteti hamkorlikda tashkil etildi.

Konferensiyada respublikamizdan, АQSh, Qirgʼizistondan yetakchi ilmiy tekshirish institutilari va universitetlari vakillari oflayn va onlayn ishtirok etdi.

 

Konferensiya mavzusi boʼlgan bino va inshootlarning zilzilabardoshligi va global isish sharoitida shaharlar va hududlar infratuzilmalarning ishonchliligini oshirishning dolzarb muammolari va ularning rivojlanishining zamonaviy bosqichlari masalasi, nafaqat Oʼzbekiston, balki, Markaziy Osiyo hududidagi barcha mamlakatlar uchun tegishlidir. Ushbu muammo oxirgi yillarda shaharlarning jadal rivojlanish jarayonida juda aktual masala hisoblanadi.

Mazkur konferensiyaning bosh maqsadi qurilish sohasida zilzilabardoshlikni ta’minlash bo’yicha tajribalar, bilim va erishilgan muvaffaqiyatlarni, global isish sharoitida vujudga keladigan masala va muammolarni aniqlash borasida o’zaro fikr almashishga imkon beradi.

Ilmiy aloqalarning mustahkamlanishi ilmiy tadqiqotlarni va dunyodagi yetakchi ilmiy markazlar imkoniyatlaridan foydalanib regional hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.