O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-yanvardagi “2017—2021-yillarda orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish davlat dasturi to‘g‘risida”gi PQ-273-sonli qaroriga asosan Orol dengizining ekologik falokati oqibatlarini o‘z vaqtida va samarali yo‘llar bilan yaxshilashga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlarni olib borish, doimiy monitoring kuzatuvlarni tashkil etish dolzarbligini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika institutiga Xitoy Fanlar akademiyasi Markaziy Osiyo ekologiya va atrof-muhitni o‘rganish markazi tomonidan 136 ming AQSh dollari qiymatiga ega asbob va uskunalar taqdim etildi. Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili dasturlari doirasida qabul qilingan uskunalar Finlandiyaning “Vaisala” firmasi tomonidan ishlab chiqarilgan va avtomatlashtirilgan meteorologiya observatoriyasi (avtomat ob-havo stansiyasi) va AQShning “Dynamet” firmasi tomonidan ishlab chiqarilgan energiya balansi kuzatish tizimlaridan iborat. Ushbu meteorologiya observatoriyasi Mo‘ynoq shaharchasidagi Xalqaro biologik stansiyaga o‘rnatiladi va Orolbo‘yi hududida meteorologik kuzatish ishlarida, tahlil qilish va olingan natijalarga ko‘ra ilmiy tadqiqotlarni olib borish maqsadida ishlatiladi.