Joriy yil 8-iyul kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Аdministratsiyasi huzuridagi Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-maydagi “Matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-4709-sonli qaroriga bagʼishlangan brifing oʼtkazildi.
Brifingda qarorda belgilangan vazifalar doirasida amalga oshirilgan ishlar haqida qisqacha maʼlumot berib oʼtildi. Jumladan, Respublikamizning har bir tumanida matematika fanini chuqurlashtirib oʼqitishga ixtisoslashtirilgan maktablarni tashkil etish boʼyicha manzilli dastur ishlab chiqilayotganligi, Matematika instituti tarkibida 5 ta shtat birligidan iborat Matematika taʼlimi boʼyicha oʼquv-uslubiy materiallarni muvofiqlashtirish laboratoriyasi hamda Yosh matematik va yosh olimlar masalalari boʼyicha direktor oʼrinbosari lavozimi tashkil etilganligi, shuningdek, Matematika institut huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʼlmagan Matematika fani va taʼlimini rivojlantirishni qoʼllab-quvvatlash jamgʼarmasi faoliyati yoʼlga qoʼyilganligi, Qoraqalpogʼiston Respublikasida, Xorazm, Buxoro, Samarqand va Namangan viloyatlarida Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutining hududiy boʼlinmalari tashkil etilganligi haqida gapirib oʼtildi.
Bundan tashqari, yil davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar haqida ham maʼlumot berildi.