2021-yil 25-oktabrdan 5-noyabrgacha Urganch davlat universitetida «Kompleks analiz, geometriya va dinamika» mavzusida xalqaro maktab (CIMPA school) o‘tkazilmoqda.
2021-yilning 30-oktabr sanasida mazkur maktab doirasida «Kompleks geometriyadagi tendensiyalar» mavzusida xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Konferensiyaga respublikamizdagi taniqli akademiklar, matematik olimlar, Xorazm Ma’mun akademiyasi vakillari, yosh olimlar tashrif buyurdilar. Shuningdek, ZOOM platformasi orqali xorijiy davlatlarning matematik olimlari ham qatnashmoqdalar.
Mazkur xalqaro konferensiyada Urganch davlat universiteti rektori Baxrom Abdullayev boshchiligida Fizika-matematika fakultetining professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari, respublika hamda xorijiy universitetlarning iqtidorli talaba, magistrant, doktorantlari, OAV xodimlari ishtirok etdilar.
Konferensiyani akademik A. Sa’dullayev ochib berdi va olib bordi. Tadbirda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Sirojiddin Mirzayev, Matematika instituti direktori, akademik Shavkat Ayupov, O‘zbekiston Milliy universiteti prorektori Hikmat Sabirov, O‘zbekiston Matematika jamiyati raisi, akademik Abdulla A’zamov, Cimpa maktabining Cote d'Azur universiteti bo‘yicha rahbari Stephanie Nivochelar so‘zga chiqib, ushbu xalqaro maktab va xalqaro konferensiyani o‘tkazilishidan asosiy maqsad respublikamizda matematikaning kompleks analiz, dinamik sistemalar va potensiallar nazariyasi sohalarini yanada rivojlantirish, yoshlarni matematika faniga bo‘lgan qiziqishlarini yanada orttirish, respublikamizda ilm-fanni rivojlantirishga qaratilgan islohotlarni davomiyligini ta’minlash, matematika sohalaridagi so‘nggi yangiliklar bilan yosh olimlarni va talabalarni tanishtirish hamda ularga ilmiy – tadqiqot bilan shug‘ullanishlariga motivatsiya berishdan iboratligini taʼkidlab, konferensiya ishiga rivoj tiladilar.
Shundan so‘ng, seminar o‘z ishini kunning ikkinchi yarmida o‘quv mashg‘ulotlari bilan davom ettirdi.
☝️Eslatib oʻtamiz, «Kompleks geometriyadagi tendensiyalar» mavzusidagi mazkur xalqaro konferensiya bugun ham oʻtkaziladi.