Kat-qal’ada Xorazm Maʼmun akademiyasi arxeologlari ekspeditsiyasi davom etmoqda

Xorazm Maʼmun akademiyasi Ijtimoiy-gumanitar fanlar boʼlimining arxeolog olimlari Kat-qalʼa yodgorligining gʼarbiy qismida navbatdagi izlanishlarni davom ettirdilar. Аyni paytdagi izlanishlar yodgorlikning markazi va gʼarbiy qismida olib borildi.

Izlanishlar natijasida yirik monolitli platforma qoldiqlari oʼrganilmoqda. Platforma asosan, 40x40x10, 41x41x10 sm hajmdagi xom gʼishtlardan tiklangan boʼlib, uning qoldiqlari 28x14 m maydonda kuzatiladi. Bu yerdan asosan, milodiy III-IV asrlarga oid sopol qoldiqlari aniqlanmoqda. Qalʼa markazidagi shurfda ilk antik (miloddan avvalgi IV-III asrlar) davrga tegishli qatlamlar bilan birga soʼnggi antik davrga oid (milodiy II-IV asrlar) turar-joylar qoldiqlari aniqlanib oʼrganilmoqda. Ilk antik davr qatlamlarida sopol buyumlar qoldiqlari, shuningdek, shu davrga oid sopol idishlar orasida miloddan avvalgi V asrga oid topilmalardan muhimi manjetsimon gardishli arxaik xumlar qoʼlga kiritildi. Ushbu topilmalar shaharning barpo etilishi bilan bogʼliq maʼlumotlarni qayta koʼrib chiqishni taqozo etadi. Bizga maʼlumki bunday idishlar turlari miloddan avvalgi VII-V asrlarda nafaqat Xorazm, balki butun Oʼrta Osiyodagi tarixiy hududlarda keng tarqalgan.

Topilmalar orasida sopol haykalcha oʼzining nafis ishlanganligi bilan ajralib turadi. Sopol haykalcha tasviri, undagi qiyofa koʼrinishi aniq tasvirlangan. Bunday tipdagi haykalchalar Xorazm yodgorliklarining ilk antik davr qatlamlarida koʼplab uchraydi.

Shunday qilib, mavjud materiallarning tahlili platformani milodiy II-IV asrlarga talluqli degan fikrni ilgari surishga imkon beradi va bu yodgorlikda antik davrning soʼnggi bosqichlari va ehtimol, ilk oʼrta asrlarning boshlarida ham hayot tarzi faol davom etganligini koʼrsatishga imkon beradi (milodiy IV asr – V asr boshlari). Platformaning toʼliq rejalashtirilishi va vazifasi hali aniq hal etilmagan. Ehtimol, platforma diniy marosimlar oʼtkazish bilan bogʼliq xususiyatga ega boʼlgan boʼlishi mumkin. Shu bilan birga soʼnggi arxaik davr sopollarining topilishi bu yerda antik davrgachayoq manzilgoh mavjud boʼlganligi haqida yangicha qarashni ilgari surishga imkon beradi.

 

Olib borilayotgan tadqiqotlar yodgorlik tarixiga doir yangi maʼlumotlarni taqdim qilmoqda. Mazkur yodgorlikda izlanishlarni keyingi yillarda ham davom ettirilish rejalashtirilmoqda!