Xorazm Maʼmun akademiyasining Ijtimoiy-gumanitar fanlar boʼlimi arxeologlari Shovot tumanida joylashgan Kat qalʼa arxeologik yodgorligida qazuv ishlarini olib bormoqdalar. Аyni paytda yodgorlikning gʼarbiy qismida amalga oshirilayotgan izlanishlar natijasida ilk antik (mil.av. IV-III asrlar) va soʼnggi antik davrga oid (mil. II-IV asrlar) meʼmoriy inshootlar qoldiqlari aniqlanib oʼrganilmoqda.
Oʼz navbatida tadqiqotlar davomida juda koʼplab ilk va soʼnggi antik davrga oid sopol buyumlar, marmardan ishlangan idishchalar qoldiqlari va shahar hayotining keyingi bosqichlariga doir sopollar boʼlaklari hamda mis uzuk ham aniqlandi, shu jumladan, quyi qatlamlardan arxaik davrga xos idishlar boʼlaklari ham topilgan boʼlib, shaharning barpo etilishi bilan bogʼliq yangi maʼlumotlarni taqdim etadi. Izlanishlar hali davom etmoqda!
Maʼlumot uchun: Kat qalʼa (Shovot) – Shovot tumanidagi Beruniy nomli shirkat xoʼjaligi Kat qishlogʼi hududida joylashgan, rejalashtirilishi notoʼgʼri toʼgʼri burchak, umumiy hajmi 10,8 ga, qadimda ikki qatorli devor oʼrab olgan boʼlib, ular oʼz navbatida yarim aylanali kungurlar bilan kuchaytirilgan, ular oʼrtasidagi oraliq –27 m. Yodgorlik miloddan avvalgi IV asrda qurilgan.